Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
28 май 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

ZAMONAVIY SPORT INSHOOTLARI YANA KO‘PAYADI

Shunga monand, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon yurtimizda 1700 dan ziyod sport obyekti barpo qilindi. O‘z navbatida ular zamonaviy sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlandi. Buning natijasida yurtimiz bolalari sportga oshno bo‘lib o‘smoqda. Xususan, jamg‘arma faoliyatida asosiy e’tibor bolalar sportini rivojlantirish, birinchi navbatda, maktablarda zamonaviy sport majmualarini barpo etish, ularni zamonaviy sport uskuna va inventarlari bilan jihozlash, shuningdek, bu inshootlardan samarali foydalanishga ko‘maklashish masalalariga qaratilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida talab darajasidagi bolalar sporti majmualarini bunyod etish, ularni malakali hamda tajribali kadrlar bilan ta’minlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha ulkan tajriba to‘plandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-maydagi tegishli qaroriga asosan, joriy  yilda O‘zbekiston  Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining budjeti va bolalar sporti obyektlari hamda suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturi tasdiqlangani sohadagi islohotlar davomiyligini ta’minladi. Dasturga ko‘ra, viloyatimizda bir qator sport obyektlari quriladi, rekonstruksiya qilinadi va ta’mirlanadi.

- Har yilgi an’anaga ko‘ra, joriy yil ham viloyatimizda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir qancha obyektda bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi, - deydi jamg‘armaning viloyat filiali qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Oybek Qiyomov. – Jumladan, Nishon tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi uchun II tipdagi sport majmuasini yangidan qurish rejalashtirilgan. Avval sport maktabi boshqa binoda ijarada turardi. Endilikda ular uchun zamonaviy inshoot bunyod etiladi. Shuningdek, Mirishkor tumani Pomuq qishlog‘idagi bolalar va o‘smirlar sport maktabini rekonstruksiya qilish, Qarshi shahridagi suv sporti turiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining usti yopiq suzish havzasini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Ularda sportga oshno yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

Bundan tashqari, joriy yil Qarshi olimpiya zaxiralari kolleji va Qarshi shahridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining usti yopiq suzish havzalari rekonstruksiya qilinishi, shu bilan birga, Qarshi shahrida barpo etilayotgan sport-sog‘lomlashtirish majmuasida ko‘p tarmoqli usti yopiq suzish havzalarini qurish, mavjudlarini ta’mirlash ishlari olib borilishi mo‘ljallangan.

Albatta, so‘nggi yillarda viloyatimizda suv sporti ancha rivojlandi. Ko‘plab iste’dodlar yuzaga chiqdi. Ular o‘z mahoratlarini jahon va xalqaro musobaqalarda namoyish etishmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi XV Paralimpiya o‘yinlarida viloyatimiz sportchilari, xususan, suzish sporti bo‘yicha vakillarimiz O‘zbekiston terma jamoasi qo‘lga kiritgan natijaga  munosib hissa qo‘shishdi. Ayniqsa, paralimpiyachilarimiz orasida Fotimaxon Amilova eng ko‘p – 3 ta medal jamg‘ardi. U suzish bo‘yicha 100 metr masofani 1 daqiqa-yu 12,45 soniyada bosib o‘tib, birinchi o‘rinni egalladi va jahon rekordini yangiladi. So‘ng 200 metr masofaga kompleks suzishda kumush hamda 100 metrga batterflyay usulida suzish bahslarida 1 daqiqa-yu 04,93 soniya natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi vakilimiz Shohsanam Toshpo‘latova avvaliga 200 metrga kompleks usulda suzishda uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyinchalik 50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha 28,02 soniya natija bilan ikkinchi bronzasini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Shuningdek, viloyatimizning yana bir vakili Dmitriy Xorlin 400 metrga erkin usulda suzishda 4 daqiqayu 06,63 soniya qayd etgan holda marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga ega chiqdi. Bu natijalar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Buning zamirida yosh sportchilarga qaratilayotgan e’tibor, ularga yaratilib berilayotgan namunali shart-sharoitlar yotibdi.

Xulosa o‘rnida aytganda, viloyatimizda bo‘lajak chempionlarni kamol toptirishga mo‘ljallangan maskanlar soni endi  yana ortadi, ta’mirtalablari zamonaviy qiyofa kasb etadi, ularda barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratiladi.

 

Azizbek NOROV

Report typo