– Jo‘ra, ota bo‘ldim, – dedi u. – O‘g‘il!
Beixtiyor uning shodligi menga ham yuqdi. Odatimizga ko‘ra, farzandining umri uzoq, martabasi ulug‘, shu Vatan koriga yaraydigan yigit bo‘lishini tiladim. So‘ng qanday ism qo‘ymoqchiligini so‘radim.
– Egizak bo‘lganda o‘z ismi bilan tug‘ilardi, – dedi u mamnun ohangda. - Vaqt o‘tib Hasanboy Do‘smatovga o‘xshab yurt sha’nini ulug‘lardi. Bayrog‘imizni baland ko‘tarardi. Lekin niyatimdan qaytganim yo‘q. Kelajakda u ham bokschi bo‘ladi. Shu maqsadda Zafar, Muzaffar, G‘olib degan ismlardan birortasini qo‘yishni niyat qilib turibmiz.
Ha, Zafar, Muzaffar, G‘olib – bugun shunday ismlar yarashadi o‘zbek farzandlariga. Ular har jabhada buni isbotlab kelishmoqda. Rio-de-Janeyroda 5-21- avgust kunlari bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi olimpiadada buning guvohiga aylandik. Har bir jangni zavq bilan kuzatdik, hayajon bilan tomosha qildik. Butun o‘zbek xalqining diqqat-e’tibori sayyoramizning yetti iqlim polvonlari jam bo‘lgan olis qit’asiga qaratildi. Kun mavzusi, o‘zaro suhbat – hamma-hammasi 20-25 yoshli norg‘ul yigitlarning shijoatidan boshlanib, ularning qanday g‘alaba qozonayotgani bilan tugardi.
G‘alaba o‘z-o‘zidan kelmaydi, jumladan, sportda ham. Mardlik ko‘chadan xarid qilinmaydi. Vatanparvarlik qarzga olib turilmaydi. Bu xislatlar insonning o‘zida, o‘zi bilan birga – tomirlarida oqib turadi, yuragida yashaydi, idrokida sayqallanadi. Ruhida so‘nmas olov, qat’iyat, ulkan shijoat bilan maydonga ko‘tariladi. Ana shunday xislatlarni o‘z zarbida birlashtira oladi. Dunyo ahliga mardligi, vatanparvarligini namoyish qilib, g‘alaba qozonadi.
– Zo‘r o‘ylabsan, – dedim do‘stimga. – O‘g‘il bolaga yarashadigan ism. Niyatingga yet. Chempion bo‘lsin. Bayrog‘imizni baland ko‘tarsin. Dunyo ahli inson tanasida ham vulqon yashirinligini, bir sunami shiddatiga teng kuch pinhon yotganini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlasin. O‘zbek farzandlariga yana-yana qoyil qolaversin.
Do‘stim bilan suhbat tugagach, o‘ylab qoldim. Haqiqatda, Andijonning Buloqboshi tumanidagi Kulla qishlog‘ida tug‘ilib-o‘sgan yigit 10 minglab chaqirim olisda, Rio-de-Janeyroda. Ko‘ksida nufuzli musobaqaning oltin medali. U xalqimizning, ona Vatanning faxriga aylanib ulgurdi. Eng muhimi, shu azamat yigit orqali dunyo O‘zbekistonda, Andijonda Kulla degan qishloq borligini, u yerda qadamidan o‘t chaqnaydigan, bir zarb bilan tog‘larni talqon qiladigan, jahonning “mana man” degan davlatlari bokschilarini “yer tishlatgan” pahlavon tug‘ilib o‘sganini hech qachon unutmaydigan bo‘ldi. Bu nimaning samarasi? Avvalo, mustaqil O‘zbekistonimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligi, hamma teng va birbag‘irlikda umrguzaronlik qilayotgani, hatto olis qishloqlarda ham yoshlar ilm-fan va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganining natijasidir.
Yaqinda qishloqqa bordim. Do‘stimni o‘g‘il bilan tabriklashni niyat qildim. Yo‘l-yo‘lakay 4-5 qishloqdoshimning o‘zaro suhbatiga men ham qo‘shildim. Gap mavzusi yana shu – olimpiada. G‘alabalar... Chempionlarning hayajonli ko‘z yoshlari... Ular erishgan ulkan natijalarning sabablari haqida gurung qizigandan qizirdi.
Ha, g‘alaba kimni ruhlantirmaydi, deysiz. Tag‘in u millatni, xalqni ulug‘lab tursa, Vatanning nomini dunyoga tanitib, kuch-qudratini tan oldirib qo‘ysa. Bu yigitlar millionlab uka-singillariga Vatanni qanday sevish, qanday himoya qilishni, ulug‘lashni o‘rgatdi. Sevinasiz-da! “Balli, azamat, otangga rahmat!” degan so‘zlar tilingizda otashin sado bo‘lib yangraydi. “Qani, imkoni topilsayu hoziroq yonida bo‘lib qolsam, bag‘rimga bosib, peshonasidan o‘pib qo‘yardim”, degingiz keladi. Chempionlik nashidasi – sevinch yoshlarini ko‘rib taningiz huzurbaxsh titroq ichida qoladi. Vujudingiz jimirlaydi. Sizning ham ko‘zingizda beixtiyor quvonch yoshlari qalqiydi. Axir, ular sizning, shu siz bir vakili bo‘lgan xalqning, siz nonday asrab, suvday qadrlaydigan Vataningizning sharafini ko‘klarga ko‘tarayapti.
Azamat yigitlar jangdan so‘ng raqibining yelkasiga qoqib, uni bag‘riga bosayapti. Omad tilayapti. Bu o‘zbekona odob-axloq, o‘zbekona lutf, o‘zbekona g‘alaba emasmi? Dunyo ahli g‘alaba qanday bo‘lishini o‘zbeklardan o‘rganib qo‘ysin!
G‘alaba degani bir davlat tinchini buzish, ikki mamlakatni bir-biriga gij-gijlab qo‘yish, tinch aholiga qurol o‘qtalish, uyini vayron qilish, qulga aylantirish, kindik qoni tomgan tuprog‘ini toptash, bolalarini o‘ldirish, chin yetim qilish emas. Bunday ishlar aqli noqis, qalbi kir, nomard kimsalarning qo‘lidan keladi. Ular “muzaffar”lik nashidasiga qon bilan erishmoqchi bo‘ladi. Ularning nazdida shu zafar quchishday tuyiladi. Aslida dunyo g‘alaba qanday bo‘lishini hammaning ko‘z oldida, mardlarcha, do‘stona munosabatda maydonga chiqqan, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmay, o‘yindan so‘ng bag‘riga bosib, zafar tilagan hamyurtlarimizdan o‘rgansin. Ularning bu xatti-harakati tinchlikparvar xalqimizning orzu-o‘ylari, intilishlarini, bugun biz nimalar haqida bosh qotirayotganimizni namoyish qilib berdi.
Ilgari-chi? Ilgari o‘zbek farzandlari qayerda edi? Oldin ham bor edi. Tomirida buyuk ota-bobolarining qoni oqayotgan bo‘lsa-da, qishlog‘idagi to‘y kurashlaridan nariga o‘tolmasdi. Faqat, atrofidagilar – mahalla-ko‘y, qishlog‘i uchungina polvon sanalar, musobaqalar, xalqaro arenalar uning uchun butkul yot tushuncha edi.
– Yoshligimizda sport bilan shug‘ullanishga umuman imkoniyat yo‘q edi, – deydi karate bo‘yicha qora belbog‘ sohibi bo‘lgan, yoshi elliklardan oshib qolgan Malik aka. – Shunchaki, qiziqib o‘zimiz shug‘ullanib yurardik. Ertalab yugurardik, turnikda tortilardik – biz uchun shu mashg‘ulot, shu sport edi. O‘n yetti yoshimda, maktabni tamomlab Toshkentga borganman. O‘sha yerda karatega qatnay boshlaganman. Hatto sobiq ittifoq doirasidagi biror musobaqada ham ishtirok etolmadim. Ruxsat yo‘q edi. Amallab ruxsat olingan taqdirda ham u yerda halol jang bo‘lmasdi. Shohsupaga o‘zbek yigiti umuman yaqinlashtirilmasdi.
Bugun, qarang, har bir maktabda sportzal bor. Bolalar sportning ko‘pgina turlari bilan o‘z qishlog‘ida malakali murabbiylar qo‘lida shug‘ullanmoqda. Hasanboy Do‘smatov ham dastlab o‘z qishlog‘ining sportzalidagi boks mashg‘ulotlariga qatnay boshlagan ekan. Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq mamlakatimizda bolalar sportiga berilgan yuksak e’tiborning samarasi bu. Hali ko‘rasiz, har bir qishloqdan ana shunday pahlavonlar yetishib chiqadi.
Bahodir HALIMOV
