Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

YOSH ATLETLARIMIZ YUQORI NATIJA QAYD ETDI

Musobaqada yengil atletikaning sportcha yurish, uzoq va yaqin masofalarga yugurish, balandlikka sakrash, yadro uloqtirish va shu kabi qator turlari bo‘yicha 260 nafar o‘g‘il bola hamda 117 nafar qiz g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Bahslar davomida viloyatimiz sharafini himoya qilgan bir qancha yosh sportchilarimiz o‘zining individual mahoratini namoyish etib, muxlisu mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Jumladan, 2005 – 2006-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida 3 ming metrga sportcha yurish bahslarida har uchala o‘rinni Shahrisabz tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari qo‘lga kiritdi. Ya’ni, mazkur yo‘nalishda Zulayho Hotamova shohso‘paga ko‘tarilgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar ham uning maktabdoshlari – Mohinur Qalandarova hamda Hikmatoy Ergashevaga nasib etdi.

Eng e’tiborli tomoni, xuddi shu yo‘nalishda o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan bahsda ham marra chizig‘iga birin-ketin mazkur maktab o‘quvchilari yetib kelishdi. Shahzod Lutfullayev, Javohir Qobilov va Asadbek Sobirov mos tarzda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi. Bundan ko‘rinadiki, bugungi kunda yengil atletikaning ushbu turida Shahrisabz tuman BO‘SM o‘quvchilari mamlakatimizda mutlaqo yetakchi.

Musobaqa davomida yana bir diqqatga sazovar natija viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Barnoxon Sayfullayeva tomonidan qayd etildi. Ayni vaqtda 13 yoshda bo‘lgan Barnoxon 170 santimetr balandlikka sakrab, biryo‘la sport ustaligiga nomzod talabini bajardi va viloyat rekordini o‘rnatdi. U o‘zidan keyingi raqibini naq 20 santimetrlik farq bilan ortda qoldirdi. Yaqindagina Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida balandlikka sakrash bahslari 160 santimetrdan boshlanganini inobatga olsak, yaqin orada mamlakatimiz terma jamoasi uchun munosib nomzod shakllanib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Umumjamoa hisobida ham viloyatimiz yoshlari munosib ishtirok etib, 2005 – 2006-yillarda tug‘ilgan o‘smir sportchilar o‘rtasida uchinchi o‘rinni, 2003 – 2004-yillarda tug‘ilgan sportchilar bahslarida esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Olim BOQIYEV,

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori

Report typo