Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
3 июнь 2023 год, суббота.                 Специальная версия UZ

VILOYATIMIZDA «KELAJAGIMIZ UMIDLARI» BOLALAR FUTBOL FESTIVALI BO‘LIB O‘TDI

– Bolajonlarni millionlar o‘yini – futbolga qiziqtirish va ushbu sport turiga mehr uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan ushbu festival to‘rt kun davom etdi, - deydi viloyat futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Norqul Daminov. – Unda Qarshi va Shahrisabz shaharlari  va barcha tumanlardan 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan 400 nafar jajji o‘quvchilar ishtirok etdi. Har bir sinf uchun alohida bir kun ajratildi, ya’ni festivalning birinchi kuni 100 nafar 1-sinf o‘quvchilari qatnashgan bo‘lsa, keyingi kunlarda o‘tgan musobaqalarda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Festival jajji bolakaylarning o‘ziga xos beg‘ubor va astoydil harakatlari bilan yanada maroqli o‘tdi. Natija muhim o‘rin tutmaydigan bunday uchrashuvlar bo‘lg‘usi futbol yulduzlarining o‘zlariga ham zavqu shavq ulashdi.

– Musobaqadan juda katta taassurot oldim, – deydi Qarshi shahridagi 40-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Asliddin Abrayev. – Bugun astoydil o‘ynab, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qildim. Shuningdek, murabbiylar bizlarga mahorat darslari ham o‘tishdi. Turli usullarni o‘rgatishdi. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlab, kelgusida mahoratli futbolchi bo‘lmoqchiman.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tashkilotchilarning sertifikat va maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, yurtimizda o‘rta maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi ushbu festival joriy yilning 18-yanvarida start olgan edi. Shu vaqtga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan festival yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

 

Suratda: festival ishtirokchilari.

Report typo