Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
28 май 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

TAYYORGARLIK AVJIDA

Ma’lumki, musobaqa nizomiga ko‘ra, bahslar kechadigan 17 sport turining 5 tasi - futbol, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pidan hududlarda o‘tgan saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, yarim finalga yo‘llanma olgan jamoalar va boks bo‘yicha har bir vazn toifasida yarim finalga yo‘llanma olgan sportchilar Jizzaxda uchrashishadi.

Hududiy saralash bosqichida viloyatimiz futbol jamoasi ancha ishonchli tarzda to‘p surdi. Vakillarimiz guruhda Jizzax, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari ustidan yirik hisoblarda g‘alaba qozonib yuz foizli natijani qayd etdi. Chorak finalda farg‘onalik yoshlarni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, boks bo‘yicha birgina 49 kilogramm vazn toifasida viloyatimiz vakili Mirzabek Murtazoyev yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Qo‘l to‘pi bo‘yicha qizlar, voleybol bo‘yicha esa o‘smirlar terma jamoasi bahslarni musobaqaning respublika final bosqichida davom  ettiradigan bo‘ldi. Afsuski, basketbol bo‘yicha saralashda har ikkala - o‘g‘il va qiz bolalar bo‘yicha viloyat terma jamoasi muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Bu orada saralashsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri finalda ishtirok etadigan qolgan 12 ta sport turi, ya’ni tennis, suzish, stol tennisi, yengil atletika, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, taekvondo WTF, og‘ir atletika, badiiy gimnastika, badminton bo‘yicha terma jamoalarimiz mashg‘ulotlarga zo‘r berishdi. Xususan, tennis bo‘yicha murabbiy Olim Annaqulov musobaqa ishtirokchilari bilan  qizg‘in mashg‘ulotlar olib bormoqda.

- "Barkamol avlod" sport musobaqalari finalida tennis bo‘yicha ikki nafar atletimiz ishtirok etadi, - deydi u. - O‘g‘il bolalardan Shahzod Rahmatullayev, qizlardan Kamola Aliyeva. Ayni vaqtda ular bilan bo‘lajak o‘yinlarga jiddiy tayyorlanayapmiz. Ham yakkalik, ham juftlik bahslari uchun ularning mahorati oshirilmoqda.

Qayd etish joiz, musobaqalar O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qoidalar asosida o‘tkaziladi. Barcha uchrashuvlar uch setdan iborat bo‘lib, "tay-brek" tizimi asosida bo‘lib o‘tadi va jamoalar egallagan o‘rinlar yakka va juftlik musobaqalarida o‘g‘il bolalar hamda qizlar to‘plagan ochkolar yig‘indisiga ko‘ra belgilanadi.

Yengil atletikachilarimiz ham musobaqada o‘z oldilariga katta maqsadlarni qo‘yishgan.

- Musobaqaning asosiy bosqichida 8  yosh sportchi - to‘rt nafar o‘g‘il bola va to‘rt nafar qiz ishtirok etadi, - deydi yengil atletika bo‘yicha murabbiy Shavkat Xolyorov. - O‘g‘il bolalar 100, 200, 400, 800, 1500 va 3000 metrga yugurish va estafeta, to‘siqlar osha yugurish, balandlikka, uzunlikka va uzunlikka uch hatlab sakrashda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazsa, qizlar 100, 200, 400, 800,1500 va 3000 metrga va 100 metrga to‘siqlar osha yugurish, estafeta, balandlikka, uzunlikka va uzunlikka uch hatlab sakrash musobaqalarida tengdoshlari bilan bellashadi.

Shuningdek, boshqa sport turlari bo‘yicha ham ishtirokchilarimiz jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Musobaqa nizomida respublika bosqichi aprel oyining uchinchi o‘n kunligi yoki may oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi qayd etilgan. Demak, tayyorgarlik uchun qisqa vaqt qoldi. Zero, hal qiluvchi bahslarda mashg‘ulotlar jarayonida jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan, maqsadi qat’iy jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Shunday ekan, Jizzaxda o‘tadigan asosiy bahslarda viloyatimiz vakillari munosib ishtirok etishadi, degan umiddamiz.

Azizbek NOROV

Report typo