Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

TARADDUD: MAQSAD YUQORI O‘RINLARNI EGALLASH

«SPORTNING 17 TURI BO‘YICHA MUSOBAQALAR O‘TKAZILADI»

- Ma’lumki, mamlakatimizda uch bosqichli uzluksiz tizim sanalgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadi. Bu o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportning ommaviylashgan va olimpiya turlarini rivojlantirish, ularning qalbida mardlik, jasorat va g‘alabaga intilish fazilatlarini yuksaltirish, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz shonu shavkatini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashda muhim omil bo‘layapti. Ushbu sport musobaqalarining ikkinchi bo‘g‘ini - “Barkamol avlod” o‘yinlarining Jizzax viloyatida o‘tadigan bu yilgi bahslarida sportning 17 turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

«BARCHA SHART-SHAROIT YARATILGAN»

- Ayni paytda Qarshi shahridagi kasb-hunar kollejlarida sportning 17 turi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan mashg‘ulotlarda 200 nafarga yaqin sportchi muntazam ravishda shug‘ullanmoqda. Basketbol, voleybol, yengil atletika, qo‘l to‘pi, suzish sport turlari bo‘yicha musobaqalarga ikki, qolganlariga esa bir nafardan malakali hamda tajribali murabbiylar yordamida tayyorgarlik ko‘rilayapti. Shuningdek, har bir sport turi bo‘yicha homiylar belgilangan bo‘lib, ular sportchi yoshlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishmoqda.

«SARALASHDAN O‘TGAN JAMOALAR ASOSIY BOSQICHDA ISHTIROK ETADI»

- Musobaqa nizomiga ko‘ra, futbol, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi bo‘yicha hududlarda bo‘lib o‘tadigan saralash musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib, yarim finalga yo‘llanma olgan jamoalar va boks bo‘yicha har bir vazn toifasida yarim finalga yo‘llanma olgan sportchilar hamda qolgan 12 ta sport turi, ya’ni tennis, suzish, stol tennisi, yengil atletika, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, taekvondo, WTF og‘ir atletika, badiiy gimnastika, badminton bo‘yicha terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jizzax viloyatida o‘tkaziladigan yakuniy respublika bosqichida ishtirok etadi.

Qayd etish joiz, viloyatimiz sportchilari va murabbiylari barcha sport turlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallashni o‘z oldilariga qat’iy maqsad qilib qo‘ygan. Shu bois, tinimsiz mashg‘ulotlar o‘tkazilayapti, jamoalar respublikamizning turli viloyatlariga borib, u yerda tengqurlari bilan kuch sinashmoqda, tajriba orttirmoqda. Bu esa, albatta, asosiy bahslarda o‘z samarasini beradi.

Azizbek NOROV yozib oldi.

Report typo