Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

Taekvondo: KUCH, TAFAKKUR VA SALOMATLIK

Yigit shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgani, bo‘yniga oltin medal ilingani va nihoyat chempion sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i yuksakka ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida uning ko‘zidan yosh chiqqanini ko‘rdi. Yigitning ko‘zi to‘la yosh ediyu, yuzida shodlik balqib turardi. Elbek bu holatga tushunmadi. Shu topda ko‘rsatuv sharhlovchisining bir maromdagi ovozi yangradi:

“Mamlakatimizda taekvondo ITF sporti ancha ommalashgan. Po‘lat  Usmonov, Valeriy Pak, Viktor Nikolayev uning ilk targ‘ibotchilari sanaladi. So‘ngra ular yetakchiligida Botir Mamedov, Dmitriy Nim, Nasriddin Tolipov, Shahnoza Shuhratjonova, Aleftina Kim,  Moisey Nogay kabi ko‘plab sportchilar jahon va Osiyo chempionatlari, nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘lishgan”.

Elbek gazeta mutolaa qilayotgan dadasining yengidan tortdi.

- Dadajon, men ham taekvondo bilan shug‘ullanaman, musobaqalarda ishtirok etib chempion bo‘lishni, bayrog‘imiz baland ko‘tarilib, madhiyamiz yangrashiga sababchi bo‘lishni xohlayman. Iltimos, meni taekvondo to‘garagiga olib boring.

- Albatta, olib boraman, o‘g‘lim, albatta...

Ertalab dadasi Elbekning jajji qo‘lidan tutib, yo‘lga tushdi. Yorqin kelajak sari...

So‘nggi yillarda viloyatimizning har bir tuman va qishlog‘iga Sharq yakkakurashlari, jang san’atlari, xususan, taekvondo sport turi jadallik bilan kirib bormoqda. Sababi, bu sport turiga qiziquvchi  yoshlar soni ko‘paymoqda.

- Qashqadaryo taekvondo ITF milliy federatsiyasi faoliyati viloyatimizda 2002-yildan yo‘lga qo‘yilgan, - deydi federatsiya prezidenti Kamol Ro‘ziyev. - Bugungi kunda Shahrisabz, Koson, Kasbi, Chiroqchi, Qarshi tumanlari va viloyat markazida taekvondo to‘garaklari faoliyat yuritayotgani bu sport turiga qiziquvchi yoshlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Hozirgi vaqtda vohamizda taekvondo ixlosmandlari 500 nafardan ortiq. Ularga 6 nafar tajribali va malakali murabbiy ustozlik qilmoqda.

Bugungi kunda mazkur sport turi bilan shug‘ullanayotgan sportchilar orasida 10 nafardan ortiq xalqaro va 50 nafardan ortiq mamlakat darajasidagi qora belbog‘ sohiblari, yuzlab rangli belbog‘ egalari mavjudligi ushbu sport turi bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar ishi samaradorligini ko‘rsatadi. Bir qator nufuzli musobaqalar sovrindorlari va mamlakat chempionlari sanalgan Asliddin Odilov, Shahobiddin Oktabrov, Farangiz Tolipova, Shohsanam Shomurodova, Behruz Ibodov, Nurbek Erkayev kabi sportchilar ana shu to‘garaklarda mashg‘ulot o‘tagan.

Sirasini aytganda, viloyatimizda taekvondoning o‘ziga xos maktabi shakllangan.  Uni yanada rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar ham besamar ketmayapti.

 - Sport maktabimizda 60 nafarga yaqin bola uch guruhga bo‘lingan holda taekvondo bilan shug‘ullanayapti, - deydi Qarshi tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Ma’ruf Jo‘rayev. – Mashg‘ulotlarda toblangan yoshlar musobaqalarda o‘zini ko‘rsatayapti. Masalan, o‘tgan yili Italiyaning Lingyano shahrida o‘ninchi bor o‘tkazilgan W.A.S.C.O  yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida Behruz Shoniyozov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yoshlar o‘rtasida Belarusning Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida    Malika Choriyeva birinchi, Sabina Maxmanazarova esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Ularga havas qilib to‘garagimizga kelayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Qayd etish joiz, Italiyada o‘ninchi bor tashkil etilgan W.A.S.C.O  yo‘nalishidagi jahon chempionatida dunyoning 32 mamlakatidan 600 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan. E’tiborlisi, taekvondo ITF bo‘yicha milliy terma jamoamiz a’zolari musobaqa davomida jami 25 oltin, 16 kumush va 34 bronza medalini jamg‘arib, yakunda umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa ega chiqishgan edi. Jahon chempionlari safida yosh murabbiy Ma’ruf Jo‘rayevning o‘zi ham bor. Albatta, murabbiy shogirdiga nafaqat o‘rgatishi, balki munosib o‘rnak bo‘lishi ham kerakda.

Shuningdek, 2016-yil mobaynida viloyatimiz vakillari Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lishdi, O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida samarali ishtirok etishdi. Natijada, Qashqadaryo taekvondo ITF milliy federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi     taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deya e’tirof etildi.

Azizbek NOROV

Report typo