“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oilalarda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, xalq ta’limi boshqarmalari, kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi viloyat kengashi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi hamda “Kamolot” YOIH viloyat bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan ushbu musobaqada uning tuman (shahar) bos-qichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ota-onalar hamda ularning 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlaridan iborat 14 ta jamoa ishtirok etdi.
Qiziqarli tarzda o‘tgan musobaqaning to‘siqlar osha estafeta, chaqqonlik va merganlik, arqon tortish kabi bahslari natijalariga ko‘ra, Yakkabog‘ tumanilik Meyliyevlar oilasi eng yuqori natijaga erishdi. Ikkinchi o‘ringa Nishon tumanilik Xolto‘rayevlar oilasi, uchinchi o‘ringa esa Qarshi shahrilik Rahimovlar hamda kitoblik Ochilovlar oilaviy jamoalari sazovor bo‘ldi.
- Oilamizda kattayu kichik barcha sport bilan shug‘ullanadi. Oilaviy salomatlik bizning shiorimiz, - deydi mutlaq g‘olib jamoa a’zosi Adolat Soatova. - Ikki nafar o‘g‘lim sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanadi. Tumanda o‘tkaziladigan sport musobaqalarida muntazam qatnashib turamiz. Bugungi g‘alaba esa bizni, ayniqsa, farzandlarimni juda-juda ruhlantirdi. Musobaqaning respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etamiz, degan umiddamiz.
Musobaqada “eng ahil jamoa”, “eng yosh jamoa”, “jamoaning g‘alabaga bo‘lgan ishonchi”, “eng tezkor jamoa”, “eng epchil jamoa”, “eng faol jamoa”, “eng ibratli jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.
Sohiba SUYUNOVA
