Unda assotsiatsiya mas’ullari, sport federatsiyalari viloyat bo‘limlari hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablari rahbarlari, sportchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va bir qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, so‘nggi yillarda butun respublikamizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham paralimpiya sport turlari har tomonlama rivojlanib, nufuzi ortib borayotgani, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod hamda mahoratini yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidladi. Bu ishlar amalda yuksak samaralar berayotgani bilan ahamiyatlidir. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida viloyatimiz sportchilarining erishgan muvaffaqiyatlari bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Tadbirda viloyatimizda paralimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish, mavjud shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, ayniqsa, 2020-yili Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XVI yozgi paralimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, bundan-da yuqori natijalarga erishish zarurligi xususida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi viloyat bo‘limining 2013-2016-yillardagi faoliyatiga oid hisobot tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rajabov Jo‘rabek Rustamovich O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi etib saylandi.
Kelgusida paralimpiya assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi faoliyatini yanada rivojlantirish va terma jamoaga munosib nomzodlarni tayyorlash borasida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Azizbek NOROV
