Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

SHOGIRDLAR KAMOLI – USTOZLAR BAXTI

Darvoqe, Koson tumani Guvalak qishlog‘ini ko‘pchilik eshitgan. U yerlik  yoshlarda ta’lim olish, hunar o‘rganishga, ayniqsa, sport bilan shug‘ullanishga bo‘lgan havas juda yuqori. Shu bois bu qishloqdan ko‘plab nomdor sportchilar yetishib chiqqan. Sabohat Adilova ham mana shu qishloq qizi.

U badiiy gimnastikaga yoshligidan qiziqadi. Uning sportga bo‘lgan qiziqishini maktabdagi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Po‘lat Omonqulov shakllantirgan. O‘rta ta’limni tugatib, Koson iqtisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qidi. Har doim televizorda beriladigan badiiy gimnastika musobaqalarini qoldirmay tomosha qilar, ko‘rganlarini uyida mustaqil bajarardi. Shu tarzda badiiy gimnastikaga bo‘lgan havasi, qiziqishi oshib bordi. Buxoro viloyatiga borib, tajribali murabbiylar ko‘magida badiiy gimnastikaga oid bilim va malakasini oshirib qaytdi. Qishlog‘iga kelib, maktab qoshida to‘garak ochdi va 4-5 nafar qizlarni badiiy gimanastika bilan shug‘ullantira boshladi. 2005-yildan boshlab esa faoliyatini tumandagi bolalar sport majmuasida davom ettirdi.

- Qizlarimizdagi sportga bo‘lgan o‘zgacha ishtiyoq va havas inobatga olinib, 2008-yilda qishlog‘imizda kattagina badiiy gimnastika zali qurildi, - deydi Sabohat Adilova. – Shundan boshlab, bu zalda badiiy gimnastika to‘garagi ish boshladi va zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlandi.  Dastlab 10-15 nafar qizlar to‘garakka qatnagan bo‘lsa, bugun ular ancha ko‘pchilik. Erishayotgan yutuqlarimiz qizlarimizda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib, maqsad sari olg‘a borish ko‘nikmasini ulg‘aytirayapti.

O‘zi sevgan sport turi bo‘yicha murabbiylik qilayotgan Sabohat shogirdlariga tetiklik va nafislik ramzi bo‘lmish badiiy gimnastikaga havas va mehr uyg‘otib kelayapti. Erishgan yutuqlari ham ko‘zga ko‘rinarli. U Xalq ta’limi a’lochisi. 2008-yilda Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda shogirdlari Hamida Faxriddinova, E’zoza Azamatova hamda Muxlisa Mavlonova muvaffaqiyatli qatnashdi.

- Viloyatda ayollar sportini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan murabbiylar orasida nomim tilga olinayotgani men uchun sharaf, - deydi Sabohat Adilova. – Oldinda rejalarimiz ko‘p.  Shogirdlarimni nafaqat respublika miqyosidagi musobaqalarda, balki   xalqaro turnirlarda ishtirok etishini istayman va buning uchun avvalo o‘z bilimim, mahoratimni yanada oshirishim kerakligini yaxshi anglayman.  

Guvalaklik  Ruxshona Bekmurodova Toshkent davlat jismoniy tarbiya   institutining badiiy gimnastika fakultetini tugatgan. U ham ushbu sport turi bo‘yicha dastlabki saboqlarni Sabohat Adilovadan olgan. Endi u ham viloyatda ayollar sportini rivojlantirishga hissa qo‘shishga bel bog‘lagan. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan ikkovlon oldindagi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular shug‘ullantirayotgan gimnastikachilar “Umid nihollari” musobaqasida ishtirok etish uchun tumanlararo saralashdan o‘tib, viloyat bosqichiga yo‘l olishdi.

- Ayollar sporti haqida gapirganda, badiiy gimnastika xususida to‘xtalib o‘tmaslikning iloji yo‘q, - deydi murabbiy Malika Ulashova. – Sababi, ushbu sport turi qizlarning qaddi-qomatini raso qiladi, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlaydi. Shu sabab, men ham maktabda o‘qib yurgan kezlarimda badiiy gimnastika to‘garagiga qatnadim. U yerda ustozim Sabohat opadan bu sport turining sir-asrorlarini o‘rgandim, o‘z malakamni oshirib bordim. Yana u kishidan hayotga tik boqishni, qiyinchiliklardan cho‘chimaslikni, doimo yangi marralar sari dadil odimlashni o‘rgandim. O‘qishimni    boshqa yo‘nalishda davom ettirsam-da, badiiy gimnastikaga bo‘lgan o‘zgacha qiziqishim sabab yana sportga qaytdim.

Shogirdlar kamoli – ustozning baxti. Sabohat opa shunday deb biladi. U o‘zining ishidan faxrlanadi. Zero, u ortidan kelayotgan yoshlarni sportga oshno qilayapti, ularni sog‘lom turmush tarziga odatlantirayapti. Pirovardida, viloyatimizda badiiy gimnastika ommalashishiga munosib hissa qo‘shayapti.

S. ALLAYOROVA

Report typo