Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
28 май 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

SARALASH MUSOBAQALARIGA START BERILDI

Ayni kunlarda  Jizzax viloyatida o‘tkazilishi belgilangan “Barkamol avlod-2017” sport musobaqalarining hududiy bosqichlari boshlandi.

Ma’lumki, musobaqa nizomiga ko‘ra, futbol, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pidan hududlarda bo‘lib o‘tayotgan saralash musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib, yarim finalga yo‘llanma olgan jamoalar va boks bo‘yicha har bir vazn toifasida yarim finalga yo‘llanma olgan sportchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jizzax viloyatida o‘tkaziladigan yakuniy respublika   bosqichida ishtirok etadi.

Shu tariqa, qo‘l to‘pi Nukus, basketbol Samarqand, boks Termiz shaharlarida va futbol bo‘yicha hududiy bahslar viloyatimiz markazida bo‘lib o‘tmoqda. Voleybol sporti bo‘yicha musobaqalar biroz kechroq, ya’ni 8-13-aprel kunlari Namangan shahrida o‘tkaziladi.

Qarshi shahrida bo‘lib o‘tayotgan futbol o‘yinlari “Nasaf” futbol maktabi va “Geolog”  madaniyat va sport-sog‘lomlashtirish markazi stadionlarida o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri jamoalari quyidagi tartibda to‘rt guruhga bo‘lindi:

“A” guruhi: Toshkent shahri, Xorazm va Namangan viloyatlari.

“V” guruhi: Qashqadaryo, Jizzax va Andijon viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

“S” guruhi: Sirdaryo,    Samarqand va Buxoro viloyatlari. 

“D” guruhi: Toshkent, Navoiy, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari.

Qayd etish joiz, avvalgi musobaqada, ya’ni Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod-2014” sport musobaqalarining yakuniy bosqichi futbol bahslarida viloyatimiz terma jamoasi ikkinchi pog‘onani egallagan.  O‘shanda viloyatimiz vakillari birgina Toshkent shahri jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy bergandi. Navbatdagi “Barkamol avlod-2017” sport musobaqalarining futbol o‘yinlari uchun  viloyatimiz jamoasiga tajribali murabbiy Nurali Sultonov jalb etildi. Biroq ayni dam yosh futbolchilarimiz Jizzax shahridagi final o‘yinlarida qanday natija qayd etishi yoki oldingi muvaffaqiyatni takrorlay olishi borasida o‘ylashga erta. Undan oldin saralash musobaqalaridan eson-omon o‘tib olish shart. Bir tomondan futbol bahslari viloyatimiz hududida, qashqadaryolik muxlislar qo‘llab-quvvatlovida o‘tayotgani futbolchilarga dalda hamda kuch-g‘ayrat bersa, boshqa tomondan ularning zimmasidagi mas’uliyat hissi ikki baravar ortadi.

Ta’kidlash joiz, 28-mart kuni futbol bo‘yicha guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatimiz terma jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasini yirik 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Guruhning ikkinchi juftlik o‘yinlarida Andijon viloyati jamoasi jizzaxlik tengqurlaridan 2:1 hisobida ustun kelishdi. Shuningdek,  Farg‘ona va Navoiy jamoalari o‘yinida farg‘onalik futbolchilar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, Buxoro va Samarqand jamoalari bahsida hisob ochilmadi.

- Guruh bosqichidan keyingi bosqichga chiqish uchun barcha   jamoalarda imkoniyat yetarli,    - deydi viloyatimiz terma jamoasi bosh murabbiyi Nurali Sultonov. – O‘yinlar davomida raqiblarning o‘yin uslubini kuzatdik. Andijon va Jizzax viloyati jamoalari menda ajoyib taassurot qoldirdi. Ammo hammasi o‘z qo‘limizda.

Endi buyog‘ini kuzatamiz. Xo‘sh, ular ishonchni oqlay olisharmikan?

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, musobaqa dasturidan  17 ta sport turi o‘rin olgan bo‘lib, ularning 12 turi bo‘yicha sportchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jizzax shahrida o‘tkaziladigan asosiy bahslarga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan. Umid qilamizki, qolgan sport turlari bo‘yicha hududiy saralash musobaqalarida ishtirok etayotgan jamoalarimiz oldilariga qo‘yilgan maqsad sari dadil intilib, final bahslarida ham viloyatimiz sha’nini munosib himoya qilishadi.

Azizbek NOROV 

Report typo