Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

RIO SOVRINDORLARI YANA BIR BOR TAQDIRLANDI

Kuni kecha Muborak tumani markazidagi “Bahrom Vafoyev” nomli stadionda tashkil etilgan tantanali marosim esa Paralimpiya o‘yinlarida sportning suzish bahslarida muvaffaqiyat qozonib, sovrindorlar qatoridan joy egallagan  vohadoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlandi. Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev kirish so‘zi bilan ochdi.

Ta’kidlanganidek, bugun yurtimizda sportga, ayniqsa, yoshlar sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular sportning barcha turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni shu jihat xalqaro miqyosda yutuqlarimiz salmog‘i oshishiga turtki bo‘layapti. Birgina yurtimiz delegatsiyasining Paralimpiya o‘yinlarida qayd etgan natijalari sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berayotganidan dalolatdir. Bunda viloyatimiz suzish terma jamoasi a’zolarining hissasi ham katta bo‘ldi. Egallangan medallarning 6 tasi ularga tegishli ekani fikrimizni tasdiqlaydi.

Taqdirlash marosimida minglab muxlislar olqishlari ostida paralimpiyachilarimiz Fotima Amilova, Shohsanam Toshpo‘latova va Dmitriy Xorlinga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Kobalt” rusumli avtomobillar topshirildi. Shuningdek, ushbu sportchilarni musobaqaga tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatgan viloyat suzish federatsiyasi bosh murabbiyi Ravshan Amilov va federatsiya raisi o‘rinbosari Bekzod Aliqulovga yangi uylarning kalitlari berildi.

Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh kiritdi.

M.JO‘RAYEV

Report typo