Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

QARSHIDA PROFESSIONAL BOKS KECHASI

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi va viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan kechada jami 9 ta jang o‘tkazildi, unda yurtimiz charm qo‘lqop ustalaridan tashqari, Qozog‘iston, Gruziya va  Turkmanistondan sportchilar ringga ko‘tarildi.

Tadbir avvalida boks kechasi ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etib, hurmat bajo keltirdi.

Boks oqshomini viloyat hokimi o‘rinbosari G‘ayrat Jovliyev va O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Muhammadqodir  Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib, barcha sportchilarga omad tilashdi.

Dastavval, 4 raundli 7 ta reyting jangi o‘tkazilib, ularda ringga ko‘tarilgan viloyatimiz vakillaridan Temur Abdullayev surxondaryolik Alibek Murodovdan, Ulug‘bek Xolov turkmanistonlik Jasur Berdig‘ofurovdan ustun kelgan bo‘lsa, yana bir qashqadaryolik sportchi Dilshod Zayniyev andijonlik Doston Turdiyevga imkoniyatni boy berdi.

- Shuni alohida aytishim kerakki, so‘nggi yillarda Qashqadaryo viloyatida sportning boks turi jadallik bilan rivojlanib bormoqda, - deydi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi bosh direktori Nabijon Ismanov. - Buni Qarshi shahrida professional boks bo‘yicha o‘tkazilgan reyting janglari ham ko‘rsatib turibdi. O‘z navbatida, bugungidek boks kechalari viloyatda uning yanada ommalashishiga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng chempionlik kamari uchun sakkiz raunddan iborat ikkita jang bo‘lib o‘tdi. Ularning birida hamyurtimiz Jamshid Najmiddinov raqibi Mansur  Abdumamatovni muddatidan avval texnik nokaut evaziga mag‘lub etdi. Ikkinchi chempionlik jangida esa qashqadaryolik Feruz Yo‘ldoshev gruziyalik Mixail Solononki bilan bahs olib bordi va katta ustunlik bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash joiz, ikkala jang ham ABCA yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionligi kamari uchun kechdi.

Azizbek NOROV

Suratlarda: boks kechasidan lavhalar.

Report typo