Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
3 июнь 2023 год, суббота.                 Специальная версия UZ

“NASAF” O‘Z MAYDONIDA O‘YNAYDI RAQIB ESA “ESKI QADRDON”

Bu uchrashuvning “Nasaf” uchun muhim jihati, bahs jamoamizning OCHLdagi raqibi kim bo‘lishini aniqlab berdi. Ya’ni, Osiyo futbol konfederatsiyasi qaroriga ko‘ra, kelgusi mavsum mamlakatimizga ushbu xalqaro musobaqada qatnashish uchun 1+2 (1 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 2 ta saralash orqali) tarzida yo‘llanma ajratilgan. Shunga muvofiq, poytaxtning “Lokomotiv” jamoasi O‘zbekiston chempioni sifatida musobaqani guruh bosqichidan boshlashi, saralash yo‘llanmalarining biriga esa “Nasaf” egalik qilishi, ikkinchi yo‘llanma sohibi kubok finalidan so‘ng aniq bo‘lishi ma’lum edi. O‘zbekiston kubogidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, “Bunyodkor” OCHL yo‘llanmasi uchun kurashdan chiqib ketdi va musobaqada ishtirok etadigan “O‘zbekistonning ikkinchi raqamli jamoasi” maqomi “Nasaf”ga nasib etdi. “Ajdarlar”ning ilk raqibi - Iordaniyaning “Al-Faysali” klubi va ular 2018 yilning 30 yanvar sanasida Qarshida maydonga tushishadi. Toshkentning “Paxtakor” klubi esa O‘zbekistonning uchinchi raqamli jamoasi sifatida Qatarning “Al-Garafa” klubi maydoniga safar uyushtiradi.

Aytib o‘tish joiz, Iordaniyaning “Al-Faysali” jamoasi “Nasaf” uchun notanish raqib emas. Ushbu jamoalar 2011-yili OFK kubogining 1/16 final bosqichida to‘qnash kelishgandi. Qarshida bo‘lgan bahsda “ajdarlar” 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, nimchorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgandi. Qolaversa, Iordaniya jamoasining ayni paytdagi  bosh murabbiyi Dragan Talajich ham “Nasaf” uchun “eski qadrdon”. Chunki ushbu mutaxassis OFK kubogi finalida “Quvayt SK” jamoasi bosh murabbiyi sifatida Qarshida “Nasaf” mehmoni bo‘lgan. O‘zbek futboli uchun bayramga aylangan o‘sha kechada Talajich va uning jamoasi 2:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan ortga qaytishgandi. Umid qilamizki, jamoamiz uchun yoqimli bo‘lgan bu an’ana yana davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, agar “Nasaf” pley-off o‘yinida g‘alaba qozonsa, “C” guruhidan joy oladi va “Persepolis” (Eron), “Al-Sadd” (Qatar), “Al-Vasl” (BAA) klublari bilan raqobatlashadi.

J.QILICHEV

Report typo