Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

MUSAFFO HAVO, TOZA ATROF-MUHIT UCHUN

Yulduz biror sana yoki tadbir munosabati bilan o‘tkaziladigan velomarafonlarda doimo faol ishtirok etadi. Jumladan, u joriy yil 5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan viloyatimiz markazida o‘tkazilgan marafonning ham faol ishtirokchisi bo‘ldi.

- Atmosfera havosini zararlantirishning eng katta manbai, ma’lumki, avtomobillar hisoblanadi, - deydi Yulduz Jo‘rayeva. – Bugungi marafon orqali biz zararsiz ulov – velosipedlardan foydalanishni, shu orqali atmosfera havosini toza-musaffo saqlashga hissa qo‘shish mumkinligini ko‘rsatishga harakat qildik.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tashabbusi bilan Qarshi shahar hokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur velomarafonda hokimiyat vakillari, korxona va tashkilotlar mutasaddi rahbarlari, Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va kasb-hunar kollejlari talaba-o‘quvchilari, “Kamolot” YOIH viloyat kengashi faollari, Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, yo‘l-patrul xizmati xodimlari ishtirok etishdi.   4 iyun yakshanba tongida Qarshi olimpiya zaxiralari kolleji oldida start olgan velomarafon Qarshi shahrining Mustaqillik shohko‘chasi bo‘ylab tantanali suratda davom etdi. Viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydonga qadar masofani bosib o‘tgan turli yoshdagi velosipedchilar bu harakatlari bilan avtotransportdan foydalanishni kamaytirish, zararsiz transport turi - velosipeddan foydalanishni keng ommalashtirishni maqsad qilishgan.

- Marafonning oldi chizig‘ida harakatlandim, - deydi O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi vakili Akrom Normurodov. – Atrof-muhitni himoya qilish barchamizning muqaddas vazifamiz. Ayniqsa, biz kabi yoshlar bu masalada ilg‘or safda bo‘lmog‘imiz lozim. Bugungi harakat shunga qaratilgan bo‘lib, eng yaxshi targ‘ibot vazifasini o‘tadi, deb o‘ylayman.

Marafon yakunida sog‘lom turmush tarziga amal qilish, atmofsera musaffoligini saqlashga hissa qo‘shish har birimizning vazifamiz ekanligi yana bir bora ta’kidlandi.

X.QILICHEVA

Report typo