MASHAQQATLI BOLALIK VA MASHHUR LAQAB
1933-yilning 28-oktabr sanasida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati yaqinidagi Pau-Grande qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Amaro va Mariya Karolinalarning ko‘p bolali oilasida beshinchi farzand dunyoga keldi. Chaqaloqda tug‘ma nogironlik belgilari bir talay bo‘lib, chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan kalta, bundan tashqari g‘ilaylik, umurtqa suyagi notekisligi va tos suyaklarining birlashib ketishi singari kamchiliklar bor edi.
Futbolchi yoshligida hindular shevasida garrincha, deb ataluvchi mitti tropik qushchani ovlashni g‘oyat xush ko‘rardi. Boz ustiga, braziliyalik iqtidor ularning sayrashiga taqlid qilishni qoyillatardi. Xullas, Garrincha laqab bo‘lib, futbolchiga o‘z opasi - Terezaning so‘zlaridan keyin “yopishtirilgan”. U shunday degandi: “Sen shunchalik ko‘p qush tutasanki, yaqinda o‘zing garrincha bo‘lib qolishing mumkin...”
FUTBOLGA HAVAS
Garrincha ulg‘aygan sari futbolga qiziqishi oshib boraverdi. Bir talay jismoniy kamchiliklarga ega bo‘lgan sodda bolakayning dunyodagi yagona ovunchog‘i futbol edi. O‘qishlari ham haminqadar bo‘lgan bolakay maktabni zo‘rg‘a tugatgach, kun o‘tkazish uchun shahardagi tekstil fabrikasiga ishga kiradi. Fabrikaning futbol jamoasi esa Manuel o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaxshi imkoniyat berdi. Korxona futbolchisi sportdagi mahorati bois tez orada tilga tushadi.
Bu yerda juda chiroyli o‘yin namoyish etayotgan oqsoq bolakayni “Botafogo” jamoasining sobiq o‘yinchisi Arati ko‘rib qoladi. U yosh futbolchi ko‘rsatayotgan ajoyib o‘yindan zavqlanib, unga kiyim va butsa olib beradi va “Botafogo” klubiga ko‘rikka yetaklab boradi.
“JOAN XAFA BO‘LMAYDI”
1953-yilning yozida Garrinchani “Botafogo”ning asosiy ko‘rigiga olib kelishadi. O‘yingoh o‘rtasida yelkasi og‘ib turgan, gavdasini bir tomonga tashlab-tashlab yuradigan yigitchani ko‘rgan futbolchilar va murabbiylar orasida kulgi ko‘tariladi. Chunki ular dastavval Garrinchaning chindan ham ko‘rik uchun kelganiga ishonishmagan, buni hamkasblaridan birining hazili deb o‘ylashgandi.
Oxiri buning hazil emasligini bilgan jamoaning bosh murabbiyi Jentil Kordozo o‘zini kulgidan tiyib, o‘sha paytda klubda to‘p surayotgan va Braziliya termasining asosiy himoyachisi sanalgan mashhur Nilton Santosga bolakayni sinab ko‘rishni buyuradi.
Nilton maydonga tushgach, to‘pni Garrinchaga tashlab beradi va undan hunarini ko‘rsatishni so‘raydi. Qarshisida mashhur himoyachi turganini bilmagan Garrincha to‘pni Santosning oyoqlari orasidan olib o‘tib, oldinga tashlanadi. Gangib qolgan himoyachi ishqibozlar qiyqirig‘i ostida maydonga qulaydi. Garrincha esa uning ortidagi barcha futbolchilarni birma-bir aldab o‘tib, darvozaga gol uradi. Dunyoning eng zo‘r himoyachisi bu safar hech narsa qila olmaydi.
Sinov tugagach, klub mutasaddilaridan biri Garrinchaga hazil aralash:
- Nega unday qilding, axir u janob Santosku. Xafa bo‘lib qolsa, seni klubga olmasligi mumkin, - deydi.
Garrincha esa har doimgidek soddalik bilan:
- Men qaydan bilibman, axir Pau-Grandedagi Joan ismli himoyachini har safar shunaqa qilaman, u hecham xafa bo‘lmaydi-ku, - deb javob qaytaradi.
Mana shu javobdan kelib chiqib, Braziliyada Garrinchaga qarshi maydonga tushgan barcha himoyachilarni “Joanlar” deb atash urfga kiradi. Hatto keyinchalik Santos ham Garrinchaning katta futboldagi birinchi “Joan”i bo‘lganligi uchun faxrlanishini aytadi.
Xullas, shundan so‘ng yigitcha jamoaga qabul qilindi. “Xalq quvonchi”, Braziliya qahramoniga aylangan Garrinchaning sportdagi faoliyati shu tarzda boshlanadi.
GARRINCHANING PAU-GRANDECHA O‘YINI
Oradan to‘rt yil o‘tib Garrinchaning shuhrati Braziliya bo‘ylab yoyildi. Terma jamoaga taklif etildi. Aslida esa uning terma jamoaga taklif etilishini jurnalistlar va muxlislar talab qilishar, lekin murabbiylar xohlashmas va barcha o‘yinlarda uni zaxira o‘rindig‘iga “mixlab” qo‘yishardi. Murabbiylarning bunday qilishiga asos ham bor edi. Chunki Garrincha hech qachon murabbiylarning ko‘rsatmasi bilan chegaralanib qolmas, maydonda o‘z bilganicha, o‘zi xohlaganday o‘yin ko‘rsatardi.
Qolaversa, natijaning qanday bo‘lishi ham uni qiziqtirmasdi. Uning butun borlig‘iga singib ketgan o‘z futboli bor va maydonda jonini berib ana shu futbolni o‘ynardi, xolos. Aslida Garrinchaning mashhurligiga ham, futbolni tark etishi-yu, hech kimga aylanib qolishiga ham, ko‘plab olamshumul g‘alabalarni qo‘lga kiritgan dahoning xoru zorlikda vafot etishiga ham uning ana shu o‘yini, futbolni butun borlig‘i bilan sevgani, undan boshqa hech narsa haqida o‘ylamaganligi va futbolsiz yashay olmasligi sabab bo‘ldi.
U jahonning eng nomdor o‘yingohlarida ham Pau-Grandedagi o‘yinidan chiqib keta olmasdi.
Braziliyaning Kosta Rika terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvidagi voqea ko‘p bor eslanadi. Uchrashuv oxirlariga kelib, hisob 1:1 edi. Braziliyaliklar murabbiyi shogirdlarining tezroq gol urishini kutardi. O‘zining navbatdagi reydlaridan so‘ng Garrincha darvozabon bilan yakkama-yakka chiqadi. Lekin to‘pni darvozaga tepmaydi. Orqaga qaytib, yana himoyachilarni aldashga kirishib ketadi va yana darvozabon qarshisiga chiqadi. Yana tepmaydi. Hamma hayron. Murabbiy asabiylashgan. Nihoyat uchinchi martasida u darvozabon oyoqlari orasidan to‘pni darvozaga kiritadi. Uchrashuvdan so‘ng berilgan murabbiyning tabiiy savoliga:
- Nima qilay, darvozabon oyoqlari orasini ochmadi-da. Men uning oyoqlari orasidan gol urmoqchi edim, - deb javob beradi.
Braziliya chempionatidagi yana bir o‘yinda esa to‘p bilan “fint” qilayotgan Garrincha maydon tashqarisiga chiqib ketib qoladi. U himoyachilarni shu qadar chiroyli tarzda aldab o‘tib borardiki, futbolchining aldamchi harakatlarini oxirigacha ko‘rish ilinjida hakam o‘yinni to‘xtatmaydi.
Ha, u shunaqa edi. Uni hamma yaxshi ko‘rardi. Lekin murabbiylar emas. Chunki uni qolipga solib bo‘lmasdi. U Pele kabi har sohada mukammallikka intilmasdi. Uning o‘z futboli bor edi va faqat shu futbolni o‘ynardi. Zarba berish kerak bo‘lsa bermasdi, yugurish kerak joyda to‘xtab, himoyachini kutardi, maydonda mo‘jiza yaratardi. Aynan uning betakror o‘yini muxlislar qalbini junbishga keltirardi.
“FAIR PLAY” - GARRINCHANING “JENTLMEN”LIGI
Hozirda muxlislarning olqishiga sazovor bo‘ladigan “Fair Play”, ya’ni halol o‘yin qoidasining paydo bo‘lishi ham Garrincha bilan bog‘liq. 1960-yilning 27-martida “Marakana” stadionida “Fluminense” va “Botafogo” jamoalari o‘zaro kuch sinashgan. Maydon egalari himoyachisi o‘z darvozasi yaqinida Garrincha bilan kurashda qoqilib, yiqiladi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqqan Garrincha esa orqasiga qarab, raqib himoyachisining maydonda bukchayib yotganini ko‘radi va darvoza yonida to‘xtaydi. To‘qson to‘qqiz foiz gollik imkoniyatda turgan bo‘lishiga qaramay, to‘pni maydon tashqarisiga tepib yuboradi. Yiqilgan himoyachiga yordam ko‘rsatilgach, raqib tomon to‘pni maydon tashqarisidan o‘yinga kiritadi. “Fluminense”ning o‘yinchisi Garrinchaning odamgarchiligidan shu qadar to‘lqinlanib ketgan ediki, u aut tashlayotib, yana to‘pni Garrinchaning oyoqlari ostiga otadi.
O‘shandan buyon bu an’ana Braziliya, so‘ngra butun jahon futbolida yozilmagan qoidaga aylandi.
IKKI KARRA JAHON CHEMPIONI
Boshqa murabbiylar kabi Braziliya terma jamoasining o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Feola ham Garrinchaning yosh boladek qiliqlaridan qanchalik asabiylashmasin, baribir yon berishga majbur edi. 1958-yilgi jahon chempionatida Garrincha shunday o‘yinlar ko‘rsatdiki, muxlislar uning o‘yinlaridan zavqqa to‘lishdi.
1962-yilda o‘tkazilgan navbatdagi jahon chempionatida esa Garrincha qahramonga aylandi. Chempionatda Pele ikkinchi uchrashuvdayoq og‘ir jarohat olib, tarkibdan chiqqandi. Oqibatda jamoada asosiy mas’uliyatni Garrincha o‘z zimmasiga oldi. Ayniqsa, Angliyaga qarshi kechgan bahsda Manuel mo‘jiza yaratdi: u barcha himoyachilarni, ular yakka bo‘lsa ham, ikki-uch kishi bo‘lsa ham, aldab o‘tdi va bitta golga hammualliflik, ikkita golga mualliflik qildi. Braziliya ikkinchi marta chempion bo‘ldi, gazetalar esa “Dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi Pele emas, Garrincha” deb yozishdi. U haqda “Xalq quvonchi” deb nomlangan film suratga olindi.
HAYOT INTIHOSI
Garrinchaning maydonda qanchalik omadi chopmasin, hayotda buning aksi edi. Dunyoning eng zo‘r o‘yinchisi bo‘la turib, pulga zoriqib yurgan vaqtlari bo‘lardi. Faqatgina tomoshabinlar uchun o‘ynaydigan bu sodda yigitning orqasidan pul topadiganlar ko‘p edi. Braziliya jamoalari yiliga yuzlab uchrashuvlar o‘tkazar, tarkibida Garrincha to‘p surgan “Botafogo”ga qarshi maydonga tushgan klublar yirik miqdorda pul to‘lashardi. Manuel esa o‘zidan ancha yomon o‘ynaydigan o‘yinchilardan ham kam haq olardi.
Ko‘pincha uni klub mutasaddilari aldab, toza blankka imzo chektirib, keyin shartnomaga arzimagan summani yozib qo‘yishardi. Natijada noyob iqtidor sohibi sariq chaqaga ega bo‘lish uchun to‘p surardi. Ba’zan mo‘may daromadga ega bo‘lgan kezlari ham undan unumli foydalanish qo‘lidan kelmasdi. Masalan, jahon chempionatida g‘olib chiqqani uchun berilgan mukofot pulining uchdan bir hissasini Pau-Grandedagi fabrikalardan biriga sarmoya sifatida kiritib, deyarli hech qanday manfaat ko‘rgan emas. Mablag‘ning qolgan qismini esa ko‘rpaning qatida saqlagan. Futbolchining xaroba kulbada hayot kechirganini inobatga olsak, bu pullarning nam tortib, yaroqsiz holga kelib qolganligini tushunish qiyin emas. Chunki, Garrincha banklarga ishonmasdi.
Futbolni tark etgach, Garrincha hayotining mazmunidan ham ayrildi. Ichkilikka ruju qo‘ydi va Rio-de-Janeyro ko‘chalarida daydib kun o‘tkaza boshladi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelib, soliq idoralaridan qarzdor bo‘lib qoldi. Tartibsiz, nochor hayot unga kasallikni ro‘baro‘ qildi va 50 yoshga ham to‘lmay vafot etdi. 1983-yil 20-yanvar kuni Garrincha bilan bo‘lib o‘tgan “Marakana” o‘yingohidagi vidolashuv marosimiga 300 mingdan ziyod muxlis keldi, shuncha odam uning “Botafogo” va Braziliya termasi jamoasi bayroqlari bilan o‘ralgan tobuti orqasidan yig‘lab ergashdi.
YODGORLIK
2010-yilda “Botafogo” stadionining g‘arbiy tribunasi ro‘parasiga Garrinchaning 2,5 metrli haykali o‘rnatildi. Uni haykaltarosh Edgar Dyuvivyer yaratdi. Yodgorlikni ataylab, futbolchining do‘sti - Nilton Santos haykali yoniga qo‘yishdi.
JAHONGIR tayyorladi.
