Zero, shaharu qishloqlarda qad rostlayotgan sport majmualari, umumta’lim maktablari qoshidagi to‘garaklar, sport maydonlari ularning jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk inson bo‘lib kamol topishida katta o‘rin tutmoqda.
Ana shunday iste’dodli yoshlardan biri, Qarshi shahrilik o‘n olti yoshli Timirxan Atayevning ko‘plab sport turlarida erishayotgan yutuqlariga bugun ko‘pchilik tengdoshlari havas qilayapti.
Yosh sportchi ikki yil avval, ya’ni 14 yoshidan sportning kikboksing turi bilan murabbiy Xurshid Fayzullayev qo‘l ostida shug‘ullana boshladi.
- Avvaliga bu sport turi bilan havaskor sifatida shug‘ullana boshladim, - deydi Timirxan Atayev. – Biroq biroz muddatdan so‘ng tengdoshlarimning musobaqalardagi ishtirokini va erishgan yutuqlarining guvohi bo‘lgach, niyatim jiddiylashdi. Men ham musobaqalarda ishtirok etishni va albatta chempion bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Shu tariqa, kikboksing bilan professional darajada shug‘ullanishga kirishdim.
Timirxan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishida maktabda, sport to‘garagida yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoit muhim o‘rin tutdi.
U dastlab shahar va viloyat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. Bu uni yanada ko‘proq shug‘ullanish va yanada yuqori natijalarga erishishga undadi. Joriy yil ham o‘zini ko‘rsatib, mamlakat chempionatiga yo‘llanma oldi va murabbiylarida yaxshi taassurot qoldirdi.
Garchi u sportga biroz kech kirib kelgan bo‘lsa-da, o‘ziga xos xususiyat va qobiliyatga ega. Gap shundaki, Timirxan Atayev bir vaqtning o‘zida sportning ko‘plab turlari, xususan, taekvondo ITF, muaytay, taekvondo VTF, basketbol, jangovar sambo bilan jiddiy shug‘ullanadi. Taekvondo ITF bo‘yicha Respublika ochiq chempionatida o‘tgan yili shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
- Mahoratim va tajribamni oshirish uchun ko‘plab sport turlari bilan shug‘ullanaman, - deydi u. – Lekin ular ichida kikboksing sporti meni maftun etgan. Unda ham qo‘lda, ham oyoqda kurashish mumkin. Bu menga yoqadi. Maqsadim jahon miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib g‘olib bo‘lish. Qolaversa, bu kelajagim uchun ham muhim. Chunki bu - harbiy sport turi. Kelajakda harbiy bo‘lmoqchiman. Bunga esa hozirdan jiddiy tayyorlanib borayapman. O‘ylaymanki, o‘z maqsadimga yetaman.
U sportga bo‘lgan kuchli qiziqishi sabab kikboksing sirlarini qunt bilan o‘zlashtirib borayapti. Ana shu mehnatlari bugun turli nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Azizbek NOROV
