Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

HARBIY SPORTCHILAR ISHTIROKIDA BOKS OQSHOMI

Musobaqa dastlab 5 ta vazn toifasi bo‘yicha harbiy qismlararo o‘tkazilgan edi. Ushbu bosqichda saralangan eng kuchli bokschilar o‘rtasidagi bahs amfiteatrda o‘ziga xos shou tarzida tashkil etildi. Shu kuni boks kechasiga tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda mazkur sport turi ishqibozlari bir-biridan shiddatli janglarning guvohi bo‘ldi.

Dastlab ringga 69 kilogramm vazn toifasida ikki karra O‘zbekiston chempioni, bir qancha xalqaro musobaqalar sovrindori, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (JG‘MHO) vakili Azizjon Rahmonov hamda bir karra O‘zbekiston chempioni, qator xalqaro turnirlar ishtirokchisi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakili Jamshid Sabiyev taklif etildi. Har ikkala sportchi ham katta tajriba va mahoratga ega. Bu ular o‘rtasidagi bahsning shiddatida ham o‘z aksini topdi. Uch raund davom etgan jangda kichik ustunlik bilan Azizjon Rahmonov g‘alaba qozondi.

Shuningdek, 75 kilogramm vazn toifasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakili Jamshid Buzrukov hamda JG‘MHO vakili Hojiakbar Qobulov o‘zaro kuch sinashdi. G‘oliblik Hojiakbar Qobulovga nasib etdi.

81 kilogramm vazn toifasida esa JG‘MHO vakili Abdumalik Muhammadiyev milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Erkin Botirovni mag‘lub etgan bo‘lsa, 91 kilogramm vazn toifasida ham JG‘MHO vakili Mirali Boymirzayev Milliy gvardiya vakili To‘lqinboy No‘monov ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.

91 kilogrammdan ortiq, ya’ni mutlaq vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi bahs ham juda qiziqarli kechdi. Bu jangda katta tajribaga ega ikki sportchi – Milliy gvardiya vakili Fayzulla Muxtorov hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi  vakili  Akmal Bozorov o‘zaro kuch sinashdi. Muxlislar olqishlari ostida kechgan jangda kichik ustunlik bilan Akmal  Bozorov g‘alabaga erishdi.

 G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Viloyatimiz san’at ustalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Jahongir BOYMURODOV

Report typo