Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

G‘OLIBLIK KUCHLILARGA NASIB ETDI

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etgan musobaqada turnirning shahar va tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 11-14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar hamda 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar vakillaridan iborat 12 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.

- Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining joriy yil 6 iyundagi yig‘ilish bayonida mahalla yoshlari o‘rtasida sportning yetti turi bo‘yicha viloyatlar miqyosida sport musobaqalarini o‘tkazish belgilangan edi, - deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi bosh mutaxassisi Alisher Ahmedov. - Bu tadbirlarning o‘tish vaqti maktab o‘quvchilarining yozgi ta’tiliga to‘g‘ri kelgani ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda ham qo‘l keldi. Ayniqsa, olis hududlarda yashayot­gan oilalarni, ularning farzandlarini ommaviy sportga jalb etishda ushbu musobaqalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Eng muhimi, sport orqali ham­jihatlik, jamiyatda sog‘­lom muhit barqarorligi ta’minlanayotir.

Keskin bahslarga boy o‘tgan bellashuvda g‘oliblik kuchlilarga nasib etdi. Natijalarga ko‘ra, Shahrisabz tumani vakillari birinchi, Koson va Yakkabog‘ tumanlari ishtirokchilari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

- Sportning badminton turi nafaqat chaqqonlik va epchillik sinovi, balki tezkor fikrlash, avvaldan fahmlash va ko‘rish qobiliyatini oshirishga yordam beradi, - deydi musobaqa g‘olibi, Shahrisabz tumani Turon mahallasi vakili J.Xudoyqulov. - Mahallamiz nomidan shunday bellashuvda ishtirok etayotganimdan xursandman. Bugun ko‘plab do‘stlar orttirdik, raqib jamoalar bilan o‘zaro tajriba ham almashdik.

* * *

 Sport bellashuvlari “Mahallamiz stol tennischilari” musobaqasi bilan davom etdi. Musobaqa nizomiga muvofiq, 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar yakkalik, 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar juftlik bahs­larida bellashishdi.

Murosasiz kechgan bahslar so‘ngida o‘g‘il bolalar o‘rtasida 1-o‘rin G‘uzor tumanilik B.Baratovga, qiz bolalar o‘rtasida 1-o‘rin Kitob tumanilik Z.Elboyevaga, oilalar o‘rtasidagi musobaqada esa 1-o‘rin Kitob tumani vakillari - S.Qosimovlar oilasiga nasib etdi.

- Oilamiz bilan sportning stol tennisi turiga juda qiziqamiz, - deydi musobaqa g‘olibi S.Qosimov. - Shu bois o‘yin qoidalari bilan tanishib, musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Mehnatlarimiz samarasini berdi va biz g‘olib bo‘ldik. Farzandlarimizning quvonchi cheksiz. Bu kabi musobaqalar sportga qiziquvchi oilalar sonini oshirishi shubhasiz.

Darhaqiqat, bugun mahalla yoshlari orasida keng ommalashgan sport o‘yinlari hududlardagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bilan birga, hamjihatlik va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, shu bilan birga, iste’dodli yosh sportchilarni kashf etishga xizmat qilayotir.

Musobaqa so‘ngida g‘oliblar va ishtirokchilar musobaqa tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shohista BOZOROVA

Report typo