Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
5 июль 2022 год, вторник.                 Специальная версия UZ

ENG AZIZ BAYRAMGA ARZIGULIK TUHFA BILAN

Aytish kerakki, Yurtboshimizning hech bir soha mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi, degan so‘zlarining isbotini istiqlol yillarida yuksak maqsadlar sari kurashadigan, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarimiz erishgan natijalar, yuksak g‘alabalar misolida ko‘rdik.

Xususan, so‘nggi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – Rio de-Janeyroda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolindan  sakrash, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan sportchilarimiz dunyo diqqat markazida bo‘ldi. Ular orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ushbu musobaqada ilk marotaba ishtirok etgan yosh sportchilarning ham ko‘pligi mamlakatimiz sport salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat berib turgandi.

Eng muhimi, “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan shiorni qalbiga jo qilib, bo‘lajak bellashuvlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga va eng ulug‘, eng aziz bayramimizga munosib tuhfa bilan qaytishga ahd qilgan sportchilarimiz yakunda bunga erishdi. Ular musobaqada qatnashgan 207 mamlakat sportchilari orasida umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egalladi. Qo‘lga kiritilgan natijalar bo‘yicha hamyurtlarimiz MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlaridan keyin to‘rtinchi, Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa birinchi o‘rinni qayd etdi.

BOKSCHILARIMIZ DUNYODA TENGSIZ

To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida bokschilarimiz yaxshigina shov-shuv ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishdi. To‘liq tarkib, ya’ni 10 ta vazn toifasida ishtirok etgan charm qo‘lqop ustalarimizdan 7 nafari g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.

Ulardan 3 nafari Olimpiada chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi. Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oibnazarov o‘z vazn toifalarida kechgan bahslarda barcha raqiblaridan ustun keldi.

Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Rustam To‘laganov hamda Murodjon Ahmadaliyev bronza medallari bilan taqdirlandi.

Vakillarimizdan keyin ikkinchi o‘ringa Kuba terma jamoasi joylashdi. Ulardan 3 nafari oltin, 3 nafari esa bronza medalga sazovor bo‘ldi. Kuchli uchlikka Fransiya terma jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yakun yasadi.

Keyingi o‘rinlarni tarkibida bir nafardan Olimpiada chempioni bo‘lgan Qozog‘iston, Rossiya, Buyuk Britaniya va Braziliya terma jamoalari egalladi. Umuman olganda, boks musobaqasida jami 18 ta terma jamoa kamida bitta bronza medali bilan uyga qaytadigan bo‘ldi.

OMADLI SO‘NGGI KUN

Bungacha ikkita oltin, ikkita kumush va beshta bronza medaliga ega chiqqan sport delegatsiyamiz Olimpiya o‘yinlarining oxirgi kunida yana to‘rtta medalga ega chiqdi. Shu kuni muzaffar bayrog‘imiz yana ikki bor sarbaland ko‘tarilib, Rioda madhiyamiz yangragan bo‘lsa, ikki nafar erkin kurashchimiz bronza medallari sohibi bo‘ldi.

Delegatsiyamiz hisobiga keyingi ikki oltin medalni bokschilarimiz Shahobiddin Zoirov (-52 kg) hamda Fazliddin G‘oibnazarov (-64 kg) keltirdi.

Musobaqa davomida ko‘plab Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionlarini mag‘lub etgan yosh, iste’dodli sportchimiz Shahobiddin Zoirov hal qiluvchi final uchrashuvida rossiyalik Misha Aloyanga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Shundan so‘ng ringga ko‘tarilgan Fazliddin G‘oibnazarov ham o‘zbekning mard bahodirlari nimalarga qodirligini amalda yana bir bora isbotladi. Ozarbayjonlik Lorenzo Kollazo Sotomayor bilan kechgan hal qiluvchi final jangida hamyurtimiz raqibidan har tomonlama kuchli ekanligini namoyish etdi va u ham Olimpiya o‘yinlarining g‘olibi degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. 

Erkin kurashchilarimizdan bronza medallariga Ixtiyor Navro‘zov (-65 kg) va Magamed Ibragimov (-97 kg) sazovor bo‘ldilar. Musobaqada Magamed Ibragimov Gvineya-Bisau vakili Bedopassa Jonde Buassatni, nigeriyalik Soso Tamarauni, eronlik Rizo Muhammad Ali Yazdaniyni va ukrainalik Valeriy Andritsevni yenggan bo‘lsa, Ixtiyor Navro‘zov bahraynlik Adam Botirov, Puerto-Riko vakili Franklin Gomez va mo‘g‘ulistonlik Mandahnaran Ganzorigdan ustun keldi.

Shu tariqa XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarimiz ro‘yxati quyidagicha shakllandi: 

Oltin – Hasanboy Do‘smatov (-49 kg, boks)

Oltin – Ruslan Nurudinov (-105 kg, og‘ir atletika)

Oltin – Shahobiddin Zoirov (-52 kg, boks)

Oltin – Fazliddin G‘oibnazarov (-64 kg, boks)

Kumush – Shahram G‘iyosov (-69 kg, boks)

Kumush – Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg, boks)

Bronza – Rustam To‘laganov (-91 kg, boks)

Bronza – Diyorbek O‘rozboyev (-60 kg, dzyudo)

Bronza – Rishod Sobirov (-66 kg, dzyudo)

Bronza – Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg, boks)

Bronza – Yelmurat Tasmuradov (-59 kg, yunon-rum kurashi)

Bronza – Ixtiyor Navro‘zov (-65 kg, erkin kurash)

Bronza – Magamed Ibragimov  (-97 kg, erkin kurash).

ENG YAXSHI NATIJA

Shu tariqa olimpiadalardagi ishtirokini Atlanta-1996-dan boshlagan mustaqil O‘zbekiston sport delegatsiyasi o‘zining 25 yillik tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Sportchilarimiz Atlantadagi bahslarda 1 ta kumush, 1 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 58-o‘rinni egallagandi. Shundan so‘ng Sidney-2000-da 41- o‘rin (1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza), Afina-2004 da 34-o‘rin (2 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza), Pekin-2008 da 40-o‘rin (1 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza), London-2012 da 47-o‘rin (1 ta oltin, 2 ta bronza) qo‘lga kiritilgan.

Shunday qilib, istiqlol yillari olti bor yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan sportchilarimizning jami medallari endilikda 33 tani tashkil etadi. Shundan 9 tasi oltin, 7 tasi kumush va yana 17 tasi bronza medalidir.

Navbatdagi olimpiya o‘yinlari 2020-yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadi. Sportchilarimiz Yaponiyada bundan ham yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishiga endi shubha yo‘q. Xayr, Rio, salom, Tokio!

Tolib TEMIROV tayyorladi.

Report typo