Muqaddas zaminimizda tug‘ilib o‘sgan, nomlari afsonayu dostonlarga aylanib ketgan o‘nlab bahodirlar katta davralarda kurash tushib, o‘zbek nomini butun olamga taratgan. Buyuk ajdodimiz Amir Temur ham o‘z askarlari mahoratini sport tadbirlari asosida doimiy oshirib borgani bizga tarixdan ma’lum. Albatta, Sohibqiron harb amaliyotlari oldidan kechgan tayyorgarlik jarayonida odamlarini turli jang san’ati, usullari, xususan, kurash asosida chiniqtirganiga shubha yo‘q.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng esa o‘zbek milliy kurashi haqiqiy ma’noda yangicha rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Ko‘plab an’anaviy turnirlar, xalqaro musobaqalar tashkil etila boshlandi. Bugun dunyoning hamma qit’alarida o‘zbek milliy kurashi bilan muntazam shug‘ullanayotgan sportchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Unga qiziqish tobora oshib bormoqda. Bu Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnirda yana bir marotaba o‘z ifodasini topdi.
Turnirning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi asoschi raisi Komiljon Yusupov o‘zbek milliy kurashi bugun dunyoning barcha mintaqalarida jadal rivojlanib, nufuzi yuksalib borayotganini, jumladan, ushbu sport turi Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturlari tarkibiga rasman kiritilgani, Sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir “Osiyo olimpiadasi” oldidan qit’amiz kurashchilari uchun muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tashini ta’kidlashdi va turnir ishtirokchilariga omad tiladilar.
- Bugungi musobaqaning o‘ziga xos ramziy ma’nosi ham bor, - deydi Komiljon Yusupov. - Endigina davlatimiz mustaqillikka erishgan bir paytda, 1992-yilning avgust oyida xuddi mana shu o‘yingohda milliy kurash bo‘yicha birinchi rasmiy turnir o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng, o‘zbek kurashini targ‘ib qilish, dunyoga tanitish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatdi. Mana, Shahrisabz yana kurash bo‘yicha yirik, xalqaro musobaqaga mezbonlik qilayapti.
Darhaqiqat, o‘zbek kurashining nufuzi yuksalib, ushbu sport turiga qiziqish tobora ortib borayapti. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sportchilar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlarining e’tirofi ham shundan darak.
- So‘nggi yillarda yurtimizda ko‘plab yoshlar o‘zbek kurashi bilan shug‘ullanmoqda, - deydi eronlik polvon Jafar Pahlavoniy. – Shu sport turi bo‘yicha yangi-yangi nomlar kashf etilayapti. Shahrisabzdagi xalqaro turnirga ham qator sportchilar, murabbiylar va jurnalistlardan iborat kattagina delegatsiya bilan keldik.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSH dollarini tashkil etgan turnirda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan uch yuzga yaqin polvon erkaklar o‘rtasida 73, 81, 90 va mutlaq, ayollar o‘rtasida esa 57 va 78 kilogramm vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda vazn toifasi 57 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida g‘oliblik o‘zbekistonlik Gulnor Sulaymonovaga nasib etdi. 78 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida yana bir yurtdoshimiz – Gulnoza Matniyazova g‘alaba qozondi.
Erkaklar o‘rtasida 73 kilogramm vazn toifasida tojikistonlik Behruzi Xodjazoda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 81 kilogramm vazn toifasida eronlik Ilyas Ali-Akbari shohsupaga ko‘tarildi. 90 kilogramm vazn toifasida ham Tojikiston vakili – Kamronshoh Ustapiryon g‘olib bo‘ldi.
Mutlaq vazn toifasidagi bahslar ayniqsa, qiziqarli kechdi. Yarim finalda g‘uzorlik aka-uka – Sherali va Ilhom Jo‘rayev bir-biriga ro‘baro‘ keldi. Ilhom akasi foydasiga bahsdan voz kechdi. Sherali Jo‘rayev esa hayajonli kechgan finalda eronlik Jafar Pahlavoniy ustidan g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini - 10 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi. Shu tariqa Jafar Pahlavoniy ikkinchi, hamyurtimiz Ilhom Jo‘rayev va mo‘g‘ulistonlik Anar Dorch uchinchi bo‘ldi. Ushbu vazn toifasida ikkinchi o‘rin g‘olibi 7,5 ming, uchinchi o‘rin g‘oliblari esa har biri 2,5 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.
Jahongir BOYMURODOV
Suratlarda: turnirdan lavhalar.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar
