Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
20 август 2022 год, суббота.                 Специальная версия UZ

BIZ BILGAN VA BILMAGAN FUTBOL

 

KIBERFUTBOL

Kiberfutbol – internet tarmog‘i orqali onlayn rejimida kompyuter va o‘yin qurilmalari vositasida real vaqt sharoitida o‘ynaladigan video o‘yindir. Bu sport turi so‘nggi paytlarda juda tezkorlik bilan rivojlanib bormoqda.

Hozirga kelib, dunyoning ko‘plab davlatlarida kiberfutbol bo‘yicha ligalar tashkil etilgan. Qit’a va jahon chempionatlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Mamlakatimizda ham aksariyat oliy liga jamoalari o‘z kiberfutbolchilariga ega. Ichki chempionatda g‘olib bo‘lgan kiberfutbolchilar xalqaro turnirlarda ham ishtirok etadi. 2016 yilda O‘zbekiston kiberfutbol o‘yinlari assotsiatsiyasi rasman ro‘yxatga olindi. Mamlakatimiz hududida kiberfutbolni ommalashtirish, ushbu sport turini rivojlantirish, shuningdek, virtual sport tadbirlari va musobaqalarini o‘tkazish  tashkilotning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

STOL FUTBOLI

Stol futboli ham dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ommalashib bormoqda. Uni “kiker”, “fusbol” yoki  “beybi-fut” deb ham atashadi.

Stol futboli qoidalarining ko‘plab turlari mavjud, stol o‘lchamlari ham turlicha bo‘lishi mumkin. Ba’zida stollarning kishini hayratga soladigan darajada uzun turlari uchraydiki, ularda haqiqiy futboldagidan ham kamroq gollar kiritiladi.

Albatta, mazkur o‘yinning ham o‘ziga yarasha qat’iy qoidalari bor. Ularni stol futboli federatsiyasi nazorat qiladi, bu tashkilot bayrog‘i ostida   turli musobaqalar ham o‘tkazib turiladi. Ular televideniye orqali translyatsiya qilinadi.

KO‘ZI OJIZLAR FUTBOLI

Ko‘rish qobiliyati cheklanganlar uchun mo‘ljallangan futbol 2004 yilda Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgach, ommaviy tus ola boshladi.

To‘g‘ri, bu sport turi bo‘yicha birinchi jahon chempionati 1986 yildayoq Ispaniyada o‘tkazilgandi. Biroq uning paralimpiya o‘yinlariga kiritilishi oradan 18 yil o‘tib amalga oshdi.

Futbolning ushbu turida Braziliyaga teng keladigan jamoa yo‘q. Ushbu mamlakatda ko‘zi ojizlar futboli shu darajada ommalashganki, ayrim braziliyalik futbolchilar mamlakat terma jamoasi safiga qabul qilinish uchun o‘zlarini ko‘rish qobiliyatidan judo qilish darajasigacha borishgan.

Mazkur futboldagi o‘ziga xos jihatlardan biri, bu – ofsaydlarning yo‘qligi, shuningdek, to‘pning maxsus tovushini futbolchilar his etishlari uchun o‘zaro gaplashishlarning taqiqlanganidir. Darvozabonning boshqa o‘yinchilarga qaraganda yaxshiroq ko‘rish imkoni jamoa o‘yinini boshqarish uchun qilingan, lekin darvozabonga raqib darvozasi tomon zarba berish va jarima maydonini tark etish qat’iyan man qilinadi.

SHOUBOL

“Indoor Soccer” (maysadagi futbol, shoubol) bir qarashda katta futboldan umuman farq qilmaydi. Biroq u juda harakatchan, katta tezlikka asoslangan mutlaqo boshqa sport turidir.

Shoubolning asosiy o‘ziga xos tomoni, unda maydon bir necha metrlik baland to‘siqlar bilan o‘ralganidir. Bu to‘pning maydondan chiqib ketmasligini ta’minlaydi. Shu bois futbolning mazkur turida aut, burchak to‘pi degan narsalar umuman yo‘q. Zaxiradan tushadigan o‘yinchilar soni chegaralanmagan.

Katta futbolning ko‘plab yulduzlari bu o‘yinni juda sevishadi, Angliya, Germaniya, Ispaniya, Braziliya, Meksika, AQSH va Kanadada hatto bu sport turi bo‘yicha professional ligalar mavjud.

ROBOTFUTBOL

Turli vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan robotlar endilikda sportga ham kirib kelayapti.

Robotfutbol aynan robotlar o‘rtasidagi o‘yindir. “Temir odam”lar o‘rtasida futbol bo‘yicha xalqaro musobaqalar 1997 yildan boshlab o‘tkaziladi va borgan sari ommaviy tus olmoqda. 1997 yildagi chempionatda 8 jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib jamoalar soni 500 tani tashkil etdi.

FUTDABLBOL

Ukrainada o‘ylab topilgan futdablbol “kulgi aks etgan futbol” nomiga loyiq ko‘rilgan. 2007 yildan boshlab futbolning bu turi bo‘yicha ham bir qator rasmiy musobaqalar tashkil etilmoqda. Futdablbol o‘yinida maydonda bir vaqtning o‘zida ikkita to‘pdan foydalaniladi.

Bu o‘yinni o‘ynagan futbolchilar va hakamlar rosa qiynalishadi, bu borada ularga o‘yin qoidalari katta futboldan deyarli farq qilmasligi ham yordam berolmaydi. Har bir to‘pni nazorat qilish uchun ikkitadan hakam tayinlanadi, ulardagi hushtaklar ovozi bir-biridan farq qiladi. Shuningdek, ofsaydlar ham mavjud emas.

BOTQOQ FUTBOLI

Botqoq futboli – futbol turlari ichida eng g‘aroyiblaridan biridir. Uni fin chang‘ichisi Esa Romppaynen o‘ylab topgan. Keyinchalik unga bu sport turi rivojiga cheksiz hissa qo‘shgani uchun hazilomuz tarzda “Botqoq qiroli” unvoni berilgan.

Ayni vaqtda Rossiya va Finlyandiya terma jamoalari botqoq futbolida yetakchi sanaladi.

Botqoq futbolida bir qator qiziqarli jihatlar mavjud. Masalan, jarima to‘plari qo‘l yordamida amalga oshiriladi, ofsaydlar umuman yo‘q, o‘yinchi almashtirilayotganda o‘yin to‘xtatilmaydi, o‘yin vaqtida etiklarni almashtirish taqiqlanadi. Tanaffus vaqtida sportchilarga etiklarini yuvib olish uchun suv keltiriladi. O‘yinchilar soni har bir jamoada 6 nafardan, o‘yin 13 daqiqadan ikki bo‘lim davom etadi. O‘yinchi almashtirishlar soni chegaralanmagan. Maydon o‘lchami 60x35 metr bo‘lishi lozim.

PUFLASH FUTBOLI

Puflash futboli o‘pkasi baquvvat kishilarning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biridir. U “Blow Football” deb nomlanadi va bunda ko‘p hamda kuchli tarzda puflash talab etiladi. Mazkur sport turiga Buyuk Britaniyada asos solingan.

“Blow Football”da maydonning usti tekis bo‘lishi talab etiladi. To‘p esa kichkina va yengil bo‘lishi lozim. O‘yinchilar maxsus trubalar orqali to‘pni puflab olib yurishi va darvozaga kiritishi o‘yinning asosiy shartidir.

SUV FUTBOLI

1960-yillardan mashhur bo‘lgan yana bir futbol turlaridan biri suv futboli bo‘lib, uni hamma ham o‘ynay olmaydi.

Bu futbol turida o‘yinchidan kuch va mahorat bilan birga, juda katta iroda va suvda harakatlanish ko‘nikmasi talab etiladi.

Suv futboli o‘zida futbol, regbi va suv polosi qoidalarini jam etgan. Aytgancha, suv xokkeyi ham mavjud.

“POWER SOCCER”

“Power Soccer” (kuchli futbol) – mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan insonlar uchun maxsus o‘ylab topilgan o‘yinga shunday nom berilgan.

Mazkur sport turida o‘yinchilar nogironlar aravasida harakatlanadi. Bu sportning bir qator turlari mavjud, lekin bir narsa o‘zgarmas – har bir jamoada 4 nafardan o‘yinchi maydonga tushadi.

“BASSE” VA FUTVOLEY

Skandinaviyada voleybolga juda o‘xshab ketadigan futbol keng tarqalgan. Bu o‘yin “basse” deb nomlanadi. Bunda maydonning ikki qismida ikkitadan o‘yinchi joylashtiriladi va ular qog‘oz hamda rezinadan tayyorlangan yengil to‘plar (vazni 100 grammdan yengil)da tayoq yordamida voleybol o‘ynashadi.

 Bu o‘yin bilan bir qatorga ancha mashhurroq bo‘lgan futvoleyni qo‘yish mumkin. Futvoleyning “Basse”dan farqli tomoni, unda to‘p xuddi voleybolniki kabi bo‘ladi va o‘yin asosan qumli plyajlarda tashkil etiladi, o‘yinchilar esa oyoq bilan voleybol o‘ynashadi. Bu sport turi bo‘yicha rasmiy musobaqalar o‘tkaziladi, hattoki, kompyuter o‘yini ham mavjud.

Manbalar asosida HUMOYUN tayyorladi.

Report typo