Новости Кашкадарьи

Официальный веб-сайт газеты "Новости Кашкадарьи"
5 июль 2022 год, вторник.                 Специальная версия UZ

32 NAFAR SPORTCHIDAN 31 MEDAL

UCHINCHI ISHTIROK VA OLAMSHUMUL NATIJA

O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun uchinchi ishtirok sanalgan Rio-de-Janeyrodagi Paralimpiya o‘yinlarida vakillarimizdan 32 nafari sportning jami besh turi - dzyudo, suzish, yengil atletika, o‘q otish va pauerlifting bo‘yicha Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.

Jahonning 200 ga yaqin mamlakatidan to‘rt mingdan ziyod sportchi qatnashgan nufuzli musobaqada sportchilarimiz 31, ya’ni 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, yakuniy ro‘yxatda 16-, medallar soni bo‘yicha esa 12-o‘rinni egallashdi.

ENG YUQORI VA REKORD NATIJALAR

Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari zarvaraqlariga o‘zbekistonlik sportchilar bir qator unutilmas ko‘rsatkich va yuksak natijalarni qayd etishdi. Xususan, dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz umumjamoa hisobida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.

Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya va 12 ta Osiyo rekordi o‘rnatildi. Ta’kidlash joiz, shu vaqtga qadar biror-bir mamlakat ishtirokchilar va qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha bunday natijani qayd etmagan. O‘z o‘rnida, paralimpiyachilarimizning mazkur matonatli yurishlari ko‘plab boshqa davlatlar sport delegatsiyalarining hayratu havasiga sabab bo‘ldi.

MARKAZIY OSIYODA BIRINCHI, MDHDA IKKINCHI VA OSIYO QIT’ASIDA UCHINCHI

O‘z navbatida, O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi mazkur natija bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, MDHda Ukrainadan, Osiyo qit’asida bo‘lsa Xitoy va Erondan keyin uchinchi pog‘onani egalladi.

Qayd etish joiz, Ukraina Paralimpiya o‘yinlarida 171 sportchi bilan ishtirok etib, jami 117 medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xitoy 327 vakil bilan qatnashib, 239 ta, Eron esa 24 medalni jamg‘argan. O‘zbekiston terma jamoasi esa atigi 32 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 31 medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqacha aytganda, qariyb 100 foizlik natija.

VILOYATIMIZ VAKILLARINING MUNOSIB HISSASI

Quvonarlisi, ushbu nufuzli musobaqada viloyatimiz vakillari ham O‘zbekiston terma jamoasi g‘alabalariga munosib hissa qo‘shishdi. Jumladan, paralimpiyachilarimiz orasida Fotimaxon Amilova eng ko‘p – 3 ta medal jamg‘ardi.

U suzish bo‘yicha 100 metr masofani  1 daqiqayu 12,45 soniyada bosib o‘tib, birinchi o‘rinni egalladi va jahon rekordini yangiladi. So‘ng 200 metr masofaga kompleks suzishda kumush hamda 100 metrga batterflyay usulida suzish bahslarida 1 daqiqayu 04,93 soniya natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi vakilimiz Shohsanam Toshpo‘latova avvaliga 200 metrga kompleks usulda suzishda uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyinchalik 50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha 28,02 soniya natija bilan ikkinchi bronzasini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

Shuningdek, viloyatimizning yana bir vakili Dmitriy Xorlin 400 metrga erkin usulda suzishda 4 daqiqayu 06,63 soniya qayd etgan holda marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, viloyatimiz paralimpiyachilari, xususan, suzish bo‘yicha mamlakat terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega chiqishdi.

TANISHING, ULAR G‘OLIBLAR SAFIDA

Shu tariqa, XV Paralimpiya o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarimiz ro‘yxati quyidagicha shakllandi:

Oltin, kumush va bronza – Fotimaxon Amilova (suzish)

Oltin – Firdavs Musabekov (suzish)

Oltin - Sherzod Namozov (dzyudo)

Oltin - Odil To‘lendiboyev (dzyudo)

Oltin - O‘tkir Nig‘matov (dzyudo)

Oltin – Aleksandr Svechnikov (nayza uloqtirish)

Oltin – Nozimaxon Qayumova (nayza uloqtirish)

Oltin, bronza - Husniddin Norbekov (disk va yadro uloqtirish)

Kumush (2 ta) - Muslima Odilova (suzish)

Kumush - Kirill Pankov (suzish)

Kumush - Hayitjon Olimova (dzyudo)

Kumush – Sofiya Burxonova (yadro uloqtirish)

Bronza (2 ta) - Muzaffar Tursunxo‘jayev (suzish)

Bronza (2 ta) - Shohsanam Toshpo‘latova (suzish)

Bronza – Dmitriy Xorlin (suzish)

Bronza - Tursunposhsha Nurmetova (dzyudo)

Bronza - Sevinch Salayeva (dzyudo)

Bronza - Feruz Saidov (dzyudo)

Bronza - Gulruh Rahimova (dzyudo)

Bronza - Shuhrat Boboyev (dzyudo)

Bronza - Shirin Sharipov (dzyudo)

Bronza - Server Ibragimov (pistoletdan o‘q otish)

Bronza - Ahror Bozorov (pauerlifting)

Bronza - Doniyor Soliyev (uzunlikka sakrash)

Bronza - Miran Saxatov, Mansur Abdurashidov, Doniyor Soliyev va Faxriddin Hamroyev (yengil atletika bo‘yicha 4x100 estafetada qatnashgan erkaklar jamoasi).

YUTUQLAR  POYDEVORI

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi 2007-yilda tashkil topdi va mamlakatda uning faoliyatini rivojlantirish yuzasidan katta ishlar qilindi.

Natijada dastavval O‘zbekiston sport delegatsiyasi 2008-yili Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida 2 nafar sportchi bilan ishtirok etdi, keyinchalik hamyurtlarimiz 2010-yili mazkur mamlakatning Guanjou shahri mezbonlik qilgan Paraosiyo o‘yinlarida qatnashdi. O‘z o‘rnida bu yirik musobaqalar davomida paralimpiyachilarimiz ulkan tajriba to‘plashdi. Bu esa asta-sekin o‘z samarasini bera boshladi. 2012-yili London shahrida o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etdi va bitta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

2014-yilda Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida paralimpiyachilarimizning bor mahorat va iste’dodlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Negaki, ushbu musobaqada sportchilarimiz jami 31 ta: 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza medalini jamg‘arib, Osiyo qit’asida beshinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, o‘sha yilning dekabrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining Bosh assambleyasida Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi “Yilning eng yaxshi sport tashkiloti” deb tan olindi. Bu e’tirof hech bir yurtdoshimizni quvontirmasdan qo‘ymaydi, albatta.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, shubhasiz, Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi XV Paralimpiya o‘yinlaridagi o‘zbekistonlik sportchilarning ishtiroki oldingi musobaqalarga qaraganda eng yirik natija. Shu bilan birga 2020-yili Tokioda o‘tkaziladigan yozgi XVI Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da ulkan natijalarni kutishga haqlimiz.     

 

Azizbek NOROV tayyorladi.

Report typo